Ilmiy maqola yozish — ilm-fan va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir tadqiqotchining yo‘lida uchraydigan muqarrar bosqichdir. Chunki ilmiy maqolani chop etish nafaqat sizning ilmiy hamjamiyatdagi ismingizni tanitadi, balki kashfiyotlaringizni dunyo bilan bo‘lishish, hamkasblaringizdan baho olish va ilmiy muloqotga kirishish imkonini beradi.
Maqolani turli formatlarda chop ettirish mumkin: konferensiya tezislar to‘plamida, mahalliy ilmiy jurnallarda yoki Scopus va Web of Science kabi xalqaro bazalarda indekslangan nufuzli jurnallarda. Albatta, oxirgilar eng obro‘li hisoblanadi, ammo ularning talablari ham yuqori: mavzuning dolzarbligi, matnning original bo‘lishi, ilmiy uslubning mukammalligi va yana bir qator mezonlar.
Murakkab jihatlardan biri — tahrir va nashr jarayoni ko‘p vaqt olishi (hatto 1–2 yil), shuningdek, ko‘p hollarda bepul bo‘lmasligi. Ba’zi jurnallarda maqola chop ettirish narxi 3–4 ming AQSh dollarigacha yetishi mumkin.
Qaysi formatda yozmang — universitet konferensiyasi uchun tezismi yoki Scopus maqolasimi — eng muhim talab bir xil: ish original, ilmiy ahamiyatga ega va sifatli bo‘lishi kerak. Plagiat, boshqa olimlarning g‘oyalarini qayta ifodalab qo‘yish yoki oddiy kompilyatsiya — yo‘l qo‘yilmas holatlar. Shuning uchun mavzuga mos, zamonaviy va ishonchli adabiyotlardan foydalanish zarur. Tajribada qabul qilingan qoida bo‘yicha, manbalarning 80 foizi oxirgi 5 yil ichida chop etilgan bo‘lishi kerak.
Nega adabiyotlarning asosiy qismini oxirgi 5 yildan eski bo‘lmasligi kerak?
Bu talab juda oddiy sababga ega: faqat eski manbalarga tayanib yozilgan maqola — yangilikdan yiroq bo‘ladi. Ilmiy maqola yangi tadqiqot natijalarini taqdim etishi, mavjud yondashuvlarni tahlil qilishi va muammoni hal qilishga yangicha qarash taklif etishi kerak.
Agar material faqat o‘tgan asr ma’lumotlaridan iborat bo‘lsa, ish referat yoki kompilyatsiya ko‘rinishida qolib ketadi. Yangi mavzuni chuqur o‘rganish uchun esa zamonaviy ilmiy asoslar zarur. Shuning uchun ham adabiyotning “yoshi” bo‘yicha cheklovlar mavjud.
Tekshirilgan adabiyotlarni qayerdan topish mumkin?
Quyida ilmiy ishlar uchun eng ishonchli va keng qo‘llaniladigan manbalar ro‘yxatini keltiramiz:
- https://scholar.google.com/ — bu Google’ning ilmiy nashrlar uchun maxsus yaratilgan qidiruv tizimi bo‘lib, dunyoning istalgan burchagidan maqola yoki kitob matnini topish imkonini beradi.
Bu yerda materiallar ikki turda uchraydi: ochiq kirishli(bepul) vapullik. Ma’lumotlar bazasi muntazam yangilanib turadi, unda faqat ilmiy maqola formatidagi ishlar joylashtiriladi — bloglar, badiiy kitoblar yoki yangilik maqolalarini uchratmaysiz. Qidiruvni muallif ismi, nashr nomi yoki tadqiqot mavzusi bo‘yicha amalga oshirish mumkin. Yangi boshlayotgan tadqiqotchilar uchun aynan Google Scholar — birinchi manzil bo‘lishi tavsiya etiladi, chunki u ishlatishda oson va bepul imkoniyatlari keng. - https://www.scopus.com/ — Elsevier nashriyotiga tegishli, hozirgi kunda dunyodagi eng yirik abstrakt va bibliografik ma’lumotlar bazasi. Scopus nafaqat maqolalarni izlash, balki mualliflar reytingini ko‘rish, tashkilotlar ilmiy faolligini tahlil qilish, jurnal sifati va iqtibos ko‘rsatkichlarini baholash imkonini beradi. Qidiruv imkoniyatlari juda keng: mavzu, muallif, manba yoki hatto hujjatlar o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha izlash mumkin. Uning eng katta afzalligi — to‘liq qamrov va katta retrospektiv ma’lumotlar zaxirasi.
- https://link.springer.com/ — taxminan 10 million ilmiy resursni o‘zida jamlagan yirik portal. Bu yerda kitoblar, maqolalar, ensiklopediyalar va boshqa ko‘plab ilmiy materiallarni topish mumkin. Arxiv 2005-yildan buyon saqlanadi. Qidiruv tizimi qulay, turli tillarda nashrlar mavjud, va eng yaxshi tomoni — ko‘p hollarda materiallarga bepul kirish imkoni bor.
- https://webofknowledge.com/ — bir nechta yirik bibliografik va abstrakt bazalarni birlashtiruvchi pullik platforma. U Eugene Garfield tomonidan yaratilgan mashhur Science Citation Index asosida tuzilgan. Qidiruvni sarlavha, muallif yoki nashr yili bo‘yicha amalga oshirish mumkin. Agar to‘liq matn ochiq bo‘lsa, uni hech qanday to‘lovsiz yuklab olish imkoniyati bor. Web of Science — maqolalarning ilmiy ta’sirini (impact) o‘rganishda eng asosiy manbalardan biridir.
- https://www.jstor.org/ — asosan gumanitar yo‘nalishdagi ilmiy jurnallar va kitoblarni o‘z ichiga oladi. JSTOR pullik xizmat ko‘rsatadi, biroq uning a’zosi bo‘lgan jamoat kutubxonalari orqali bepul foydalanish mumkin. Tarix, falsafa, adabiyotshunoslik va boshqa humanitar yo‘nalishdagi tadqiqotlar uchun ayni muddao.
- https://onlinelibrary.wiley.com/ — taxminan 1400 ta jurnalni qamrab olgan yirik to‘liq matnli ma’lumotlar bazasi. U kimyo, fizika, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, psixologiya, iqtisodiyot, san’at, gumanitar fanlar kabi juda ko‘p yo‘nalishlarda ilmiy ishlar taqdim etadi. Wiley nashriyotida 230 ga yaqin ochiq kirishli va 1300 dan ortiq gibrid jurnallar mavjud, bu esa turli byudjetdagi tadqiqotchilar uchun mos keladi.
- https://eric.ed.gov/ — turli sohalardagi jurnallarni indekslovchi baza, biroq uning asosiy yo‘nalishi ta’lim. Bu yerda joylashtirilgan maqolalarning 80% dan ortig‘i aynan ta’lim masalalariga bag‘ishlangan. Qidiruv orqali maqolani topgach, sayt sizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jurnalning rasmiy sahifasiga yo‘naltiradi.
Ushbu platformalar yordamida kerakli mavzu bo‘yicha eng dolzarb va sifatli adabiyotlarni topish mumkin. To‘g‘ri tanlangan manbalar esa sizning ilmiy ishingiz darajasini bir necha pog‘ona oshiradi.
Agar siz tayyorlagan maqolani chop ettirishni rejalashtirsangiz, uni qaysi jurnalga yuborishni puxta o‘ylang va maqsadingizga mos nashrni tanlang. Ta’lim, iqtisodiyot, huquq, tibbiyot yoki falsafa yo‘nalishlarida maqola chop ettirish bo‘yicha tavsiyalarni intellectpro.uz saytidan topishingiz mumkin.